R A Q A M L I
T A L I M
TRM

Hikoya orqali o‘qitish usuli

Bu usulda o‘qituvchilar darslarni hikoya shaklida taqdim etadilar. Shuningdek, darsni qiziqarliroq qilish uchun dars o‘rtasida mavzuga bog‘liq hikoyalarni o‘ylab topish ham mumkin. 

O‘quvchilar odatda hikoyalarni eshitishni yaxshi ko‘radilar, shuning uchun bu o‘qitish usuli ularning e’tiborini jalb qiladi. 

Storytelling usuli quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Maqsad va mavzuni aniqlash

Avvalo, o‘qituvchi hikoya orqali o‘quvchilar qanday bilim va xulosalarni eslab qolishlari kerakligini aniqlab oladi. So‘ng, aynan qaysi mavzularda storytelling usuli samarali bo‘lishini belgilaydi. 

Bu bosqich o‘quv jarayonining asosiy pedagogik maqsadlari bilan bog‘liq bo‘lib, ta’limning diqqat markazida bo‘lgan tushunchalarni aniq aks ettirishi kerak.

Haqiqiy misollar keltirish

O‘rganilayotgan yo‘nalishga bog‘liq real voqealar hikoya qilinadi. Bu, masalan, o‘quvchining muvaffaqiyatli loyihasi, o‘qituvchining shaxsiy hayotidan olingan tajriba yoki mashhur mutaxassislar hayotidagi ilhomlantiruvchi holatlar bo‘lishi ham mumkin. 

Bu yondashuv o‘quvchilarda mavzuga nisbatan qiziqish uyg‘otadi va bilimni amaliy kontekstda o‘zlashtirishga yordam beradi.

Kreaktiv metodlardan foydalanish

Hikoya qilish jarayoni faqat og‘zaki bo‘lishi shart emas. Unda rolli o‘yinlar, ssenariylarni jonlantirish, audio va video materiallardan foydalanish, multimediya vositalarini qo‘shish mumkin. 

Bunday yondashuv o‘quvchilarning turli sensor organlari orqali axborotni qabul qilishini ta’minlaydi va ta’lim samaradorligini oshiradi.

O‘quvchilarni faol ishtirok ettirish

O‘quvchilarga mustaqil ravishda hikoyalar yaratish imkoniyati beriladi. Bu esa esse, prezentatsiya, qisqa videorolik yoki guruhiy ijodiy loyihalar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. 

Shuningdek, o‘qituvchi tomonidan ishlab chiqilgan hikoyaning rivojiga o‘quvchilar ta’sir ko‘rsatishlari uchun interaktiv imkoniyatlar yaratiladi. Bu o‘quvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatini faollashtiradi.

Muhokama va tahlil

Hikoya taqdim etilgach, muhokama bosqichi boshlanadi. O‘qituvchi asosiy savollarni berib, o‘quvchilarning e’tiborini kalit nuqtalarga qaratadi. 

Bu orqali nazariy bilimlarni amaliy hayotga tatbiq etish imkoniyati yuzaga keladi. Muhokama natiajsida o‘rganilgan mavzu mustahkamlanadi va o‘quvchilarda mulohaza yuritish ko‘nikmasi shakllanadi.

Hissiyotlar qo‘shish 

Yaxshi hikoya hissiyotlarga boy bo‘lishi lozim. Unda qahramonlar hayoti, ular boshidan kechirgan muammolar va ularning yechimi, hayajonli burilishlar bo‘lishi kerak. 

O‘quvchining hissiy ishtirokini ta’minlash orqali mavzuga bo‘lgan daxldorlik hissi kuchayadi va o‘rganilgan material uzoq muddat esda qoladi.

🔹 Uch aktli tuzilma (klassik kompozitsiya)

Samarali hikoya qurilishi uch asosiy qismdan iborat bo‘ladi:

➖ Ekspozitsiya va kirish  

Voqea joyi, vaqti, qahramonlar tanishtiriladi. 

Tomoshabinni (tinglovchini/o‘quvchini) kontekstga jalb qilish, e’tibor uyg‘otish uchun muammo ko‘rsatiladi. 

➖ Asosiy qism  

Voqealar rivojlanadi, 2–3 ta dramatik burilish (konflikt) yuz beradi. 

Muammoni chuqur yoritish, qarama-qarshilikni ochib berish uchun qahramonlar sinovdan o‘tadi.

➖ Yakun va yechim  

Qahramon muammoni hal qiladi, tajriba orttiradi, xulosa chiqariladi.