Internetda biz har kuni yuzlab xabar va videolarni ko‘ramiz. Ijtimoiy tarmoqlar shunday tuzilganki, biz qanday guruhlarga a’zo bo‘lsak, fikrlashimiz ham shunga qarab o‘zgaradi.
Bugun biz buzg‘unchi onlayn guruhlar va zararli kontentdan qanday saqlanishni o‘rganamiz.
Xavfli guruhni qanday bilish mumkin?
Internet muhitida faoliyat yuritayotgan barcha onlayn hamjamiyatlar ham foydalanuvchilar uchun xavfsiz va do‘stona emas. Quyidagi belgilar guruhning xavfli ekanini ko‘rsatadi:
- Agressiya va nafrat. Agar guruhda boshqa millat, din yoki shaxsni kamsitish, haqoratlash va “bulling” qilish normal holat deb qaralsa, bu insonning ruhiy holati, xulq-atvori yoki ijtimoiy munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi toksik hududdir.
- Xavfli topshiriqlar. Guruh adminlari sizga o‘zingizga yoki atrofdagilarga zarar yetkazuvchi “chelenj”larda qatnashishni, g‘alati videolarni suratga olishni taklif qilsa, darhol u yerdan chiqing.
- Yashirinlik. “Bu guruh haqida hech kimga, hatto ota-onangga ham aytma” degan talab, manipulyatsiyaning yaqqol belgisidir.
Zararli kontent nimasi bilan xavfli?
Unutmang, siz iste’mol qilayotgan kontent sizning ruhiyatingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi.
Urishish, hayvonlarni qiynash yoki qonli sahnalar aks etgan videolar “jasorat” belgisi emas. Bunday kontentni doimiy ko‘rish odamni hissiy jihatdan o‘tmaslashtiradi va agressiv qilib qo‘yadi.
Kattalar uchun mo‘ljallangan yoki jinoyatchilikni targ‘ib qiluvchi materiallar sizning dunyoqarashingizni noto‘g‘ri tomonga burib yuborishi mumkin.
Notanish insonni “do‘st” deb o‘ylamang
Internetdagi eng katta xatolardan biri — notanish insonni “do‘st” deb hisoblashdir. Yodda tuting: avatar ortida kim borligini hech qachon aniq bilolmaysiz.
O‘zini tengdoshingizdek ko‘rsatayotgan “ochiqko‘ngil qiz” yoki “jasoratli bola” aslida g‘arazli maqsadga ega kattalar bo‘lishi mumkin.
Internetdagi tanishingiz sizni hayotda uchrashishga chaqirsa, bu juda jiddiy xavf signalidir. Bunday taklifni darhol rad eting va bu haqida katta yoshdagi yaqinlaringizga xabar bering. Hech qachon notanish odam bilan yolg‘iz uchrashmang.
O‘z lentangizni toza saqlash uchun uch bosqichli qoida
O‘z lentangizni toza saqlash uchun uch bosqichli qoidani qo‘llang:
- Bloklash. Sizga yoqimsiz, qo‘rqinchli yoki haqoratli narsa yozgan odam bilan tortishib o‘tirmang. Shunchaki “Bloklash” tugmasini bosing. Bu sizning asablaringizni saqlaydi.
- Shikoyat qilish. Agar zo‘ravonlik yoki taqiqlangan kontentga duch kelsangiz, albatta “Shikoyat” funksiyasidan foydalaning. Bu bilan siz boshqa foydalanuvchilarni ham himoya qilasiz.
- Filtrlash. Faqat sizga foydali, bilim beradigan va kayfiyatni ko‘taradigan kanallarga obuna bo‘ling.
Xulosa
Sizning ijtimoiy tarmoqdagi lentangiz — bu sizning shaxsiy hududingiz. Unga axlat yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymang.
Atrofingizda xavfsiz va foydali onlayn muhitni o‘zingiz shakllantiring.