22 – AMALIY KEYS: TaʼLim tashkilotlarida ekologik madaniyatni shakllantirish
Vaziyat
Maktabda “Toza maktab”, “Chiqindisiz hafta”, “Tabiatni asraylik” kabi tadbirlar bir necha bor oʻtkazilgan. Tadbir kunlari oʻquvchilar hovlini tozalaydi, sinflar bezatiladi, ekologik vaziyatlar haqida koʻplab faktlar aytiladi. Oʻsha paytda oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham faol boʻladi.
Biroq tadbirlar tugashi bilan hammasi yana eski holatiga qaytadi. Hovli va yoʻlaklarda plastik idishlar hamda qogʻozlar yana koʻrina boshlaydi. Chiqindi qutilariga barcha chiqindilar aralashtirib tashlanadi.
Kundalik tejamkorlik ham asta-sekin unutiladi. Tanaffus paytida sinf xonalarida chiroqlar oʻchmay qoladi, ayrim elektr jihozlari keraksiz vaqtda ham ishlab turadi. Koridor yoki hojatxonadagi kranlardan baʼzilari tomchilab oqib qolaveradi, biroq bunga koʻpchilik “arzimagan muammo” sifatida qaraydi.
Bu holatlar rahbariyatga bir necha bor yetkazilgan. Direktor oʻrinbosari yigʻilishlarda ogohlantirib eslatib turadi, baʼzan sinflarga kirib xonalarni toza tutish haqida tanbeh beradi. Shunga qaramay, bu gaplar faqat bir-ikki kun taʼsir qiladi, keyin esa vaziyat yana avvalgidek davom etaveradi.