21 – AMALIY KEYS: Strategik yondashuvlar asosida kiberbullingning oldini olish

Vaziyat

Maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ijtimoiy tarmoqlardan birida sinfdoshlaridan birining suratlariga masxarali izohlar yozib, yopiq guruhda uni kulgi obyektiga (mem) aylantiradi. Ushbu holat haqida sinf rahbari xabardor boʻlsa-da, vaziyatni “oʻsmirlar oʻrtasidagi oddiy hazil” sifatida baholab, unga jiddiy eʼtibor qaratmaydi va aniq choralar koʻrmaydi.

Oradan bir necha kun oʻtgach, mazkur oʻquvchi darslarda kam gapiradigan, faol qatnashmaydigan boʻlib qoladi. U maktabga borishni xohlamayotganini ota-onasiga bildiradi. Ota-onalar farzandidagi bu oʻzgarishlarning sababini aniqlash maqsadida ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalar bilan tanishadi va ushbu holatni kiberbulling deb baholab, maktab rahbariyatiga murojaat qiladi.

Murojaatni koʻrib chiqish jarayonida maʼlum boʻladiki, maktabda kiberbulling bilan bogʻliq aniq qoidalar mavjud emas, bunday holatlarni qanday aniqlash, baholash va ularga qanday munosabat bildirish kerakligi boʻyicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu sababli muammo oʻz vaqtida toʻxtatilmagan va bu oʻquvchining ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Agar sinf rahbari bu holatga dastlab jiddiy yondashganida, vaziyat qanday boʻlishi mumkin edi?
2
Bunday holatlarni erta aniqlash uchun maktab rahbariyati va sinf rahbari nimalarga eʼtibor berishi kerak?
3
Pedagoglar kiberbullingni “oddiy hazil” sifatida qabul qilib yubormasligi uchun maktabda qanday aniq qoidalar va tartiblar belgilanishi lozim?
4
Ushbu vaziyatda jabrlangan oʻquvchini qoʻllab-quvvatlash va uni maktab muhitiga qayta moslashtirish uchun qanday amaliy yordam koʻrsatish mumkin?
5
Kelajakda shunga oʻxshash holatlar takrorlanmasligi uchun maktab rahbariyati qanday amaliy choralarni koʻrishi lozim?