20 – AMALIY KEYS: Taʼlim muassasasida xavfsiz va inklyuziv muhitni tashkil etish

Vaziyat

Diqqat yetishmovchiligi sindromi va o‘zlashtirishida yengil qiyinchiliklari bo‘lgan o‘quvchi 5-sinfga qabul qilinadi. Maktab “inklyuziv” ta’lim berishga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, real amaliyotda oʻquvchi uchun moslashtirilgan sharoitlar mavjud emas. Dars jarayonida oʻqituvchi umumiy tempda ishlaydi, moslashtirilgan topshiriqlar bermaydi hamda uzun va murakkab matnlardan foydalanadi. Guruhda ishlash paytida sinfdoshlari uni “sustkash” deb atab, mashg‘ulotlarda qatnashishiga to‘sqinlik qiladi. Bunday o‘quvchida o‘zini yakkalanib qolgandek his qilish, darslarda qatnashishning susayishi, uy vazifalarini bajarmaslik va darslarga muntazam kelmaslik holatlari kuzatila boshlaydi.

Ota-onalar farzandining xulq-atvorida keskin o‘zgarishlar sezib, maktab ma’muriyatiga murojaat qiladi. Ularning aytishicha, o‘quvchi endi maktabga borishni xohlamayapti, o‘zini xavotirli tutib, odamoviga aylanib qolgan. Shikoyatni o‘rganish natijasida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun individual ta’lim rejasi ishlab chiqilmaganligi, baholash mezonlari moslashtirilmaganligi va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmi mavjud emasligi aniqlandi.

Muammo pedagoglar tomonidan “tabiiy sustlik” sifatida notoʻgʻri talqin qilingani sababli kech aniqlangan. Shundan soʻng psixologik qoʻllab-quvvatlash va inklyuziv muhitni taʼminlash boʻyicha kompleks metodik yondashuv ishlab chiqish topshiriladi.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Jabrlanuvchi oʻquvchi bilan qanday reabilitatsiya va qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish zarur edi?
2
Pedagoglarning oʻquvchining holatini “tabiiy sustlik” deb qabul qilishi qanday xatolik? Bu xatoni qayta takrorlamaslik uchun maktabda qanday tushuntirish va oʻqitish ishlari olib borilishi kerak?
3
Moslashtirilmagan baholash oʻquvchiga qanday salbiy taʼsir koʻrsatadi?
4
Maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar uchun moslashtirish tizimi umuman mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Rahbar sifatida siz qisqa muddatli va uzoq muddatli qanday institutsional choralarni belgilaysiz?
5
Kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun maktab darajasida qanday tizimli mexanizmlar ishlab chiqilishi zarur?