19 – AMALIY KEYS: Ta'lim muassasasining moliyaviy boshqaruvini rivojlantirish
Vaziyat
Maktabning elektr, gaz va issiqlik uchun kommunal xarajatlari bir yil ichida 35–40 % ga oshib ketadi. Byudjet rejasida bu oʻsish inobatga olinmagani sababli darsliklar, ehtiyot qismlar va xoʻjalik mollari uchun ajratilgan mablagʻlar yetmay qoladi.
Direktor vaziyatdan chiqish maqsadida darslardan keyingi toʻgaraklar sonini qisqartirish, ayrim xonalarni yopib qoʻyish va qishda qizitishni kamaytirish boʻyicha ichki buyruq chiqaradi. Ammo bu qaror dars sifati, xavfsizlik va pedagoglar ish unumiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Tuman boʻlimi tomonidan tekshiruv oʻtkazilganda maktab energiya auditi oʻtkazmagan, energiya tejamkor texnologiyalar boʻyicha loyiha ishlab chiqmagan va zaxira fondi shakllantirmaganligi aniqlanadi.