16 – AMALIY KEYS: Ijtimoiy-emotsional ta'lim (SEL) asoslarini joriy etish

Vaziyat

Maktabda 8–9-sinflarda bir nechta oʻquvchi Telegram guruhlarida masxara, haqoratli stikerlar va xoʻrlovchi izohlar boʻlgan xabarlar tufayli ruhiy bosimga tushganini bildiradi. Ayrim oʻquvchilar darslarga kelmay qoʻyadi, boshqalari esa oʻzini aybdor his qilib, sukut saqlashni afzal koʻradi. Ota-onalar maktab rahbariyatidan qatʼiy choralar talab qiladi. Direktor tekshiruv jarayonida muammo faqat “telefon intizomi”dan iborat emasligini koʻradi: maktabda raqamli etika, internetda xavfsiz muloqot, tengdoshlar bosimiga qarshi turish, empatiya va masʼuliyatli qaror qabul qilishga doir muntazam SEL mashgʻulotlari mavjud emas.

Sinf rahbarlari kiberbullingni shunchaki intizomiy buzilish sifatida baholagan, mediatsiya tizimi ishlamagan, oʻquvchilar oʻrtasida ochiq va xavfsiz dialog tashkil etilmagan. Tahlil shuni koʻrsatadiki, asosiy muammo internetda emas oʻquvchilarda “ijtimoiy ong”, “munosabatlarni boshqarish”, “oʻzini boshqarish” va “masʼuliyatli qaror qabul qilish” kabi SEL kompetensiyalari shakllanmagani kiberbullingning kuchayishiga olib kelgan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Direktor aniqlagan holatlarga koʻra, kiberbullingni faqat “intizom muammosi” sifatida talqin qilish qaysi boshqaruv xatolariga olib kelgan?
2
Ushbu vaziyatda oʻquvchilarda qaysi SEL kompetensiyalari yetishmayotgani aniq koʻrinmoqda?
3
Kiberbullingning oldini olish uchun maktabda raqamli etika va xavfsiz muloqot boʻyicha qanday ikki tizimli mashgʻulotni joriy etish lozim?
4
Mediatsiya tizimining yoʻqligi nizolarning chuqurlashishiga qanday taʼsir qilgan va uni qay tarzda joriy qilish mumkin?
5
Rahbar sifatida SELni maktabning tarbiyaviy ishlar, sinf rahbarlari faoliyati va psixologik xizmatga integratsiya qilish uchun uchta ustuvor mexanizmni belgilang.