15 – AMALIY KEYS: Summativ va formativ baholash asoslari
Vaziyat
Maktabda formativ baholash boʻyicha oʻquv-seminar oʻtkazilganidan soʻng, ayrim oʻqituvchilar ushbu yondashuvni “koʻproq ball qoʻyish” deb qabul qiladi. Darslarni kuzatgan direktor shuni payqaydiki, oʻqituvchilar har bir kichik topshiriqqa ball qoʻyadi, biroq oʻquvchi qilgan xatoni qanday tuzatishi kerakligi boʻyicha aniq yoʻl-yoʻriq bermaydi. Oʻquvchi “3” yoki “4” baho oladi, lekin uning nimasi notoʻgʻri ekani, qanday yaxshilashi kerakligi tushuntirilmaydi.
Baʼzi sinflarda “chiqish bileti” va mini-testlar qoʻllanayotgan boʻlsa-da, oʻqituvchilar ularning javoblarini tahlil qilmaydi: varaqalar faqat yigʻib olinadi va dars rejasini tuzatishga asos boʻlmaydi. Oʻquvchilarning xatolari takrorlanaveradi, chunki feedback tizimi ishlamaydi. Ota-onalar ham farzandining bahosi qaysi mezon asosida qoʻyilgani haqida aniq maʼlumot ololmaydi. Direktor formativ baholash mazmuni notoʻgʻri tushunilgani, feedback madaniyati esa shakllanmaganini aniqlaydi. Natijada ball koʻpaygan, ammo taʼlim sifati oʻzgarmagan muhit yuzaga keladi.