13 – AMALIY KEYS: Oʻquv-tarbiya jarayonini monitoring qilish va natijaga yoʻnaltirilgan tahlil
Vaziyat
Maktab rahbariyati yangi oʻquv yili boshida davomatni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytiradi va bir necha haftada davomat 97–98% ga yetadi. Pedagogik kengashda bu koʻrsatkich katta yutuq sifatida taqdim etiladi.
Biroq direktor oʻquvchilar natijalari pasayganini sezib, qoʻshimcha monitoring oʻtkazadi. Jarayonda ayrim sinflarda oʻquvchilar darsga kelayotgan boʻlsada, faol ishtirok etmayotgani, mustaqil fikrlash topshiriqlarini bajara olmagani, motivatsiya pasaygani aniqlanadi.
Formativ baholash natijalari deyarli qayd etilmagan, elektron kundalikda faqat “kelgan” va “ketgan” maʼlumotlari toʻldirilgan. Diagnostik test natijalari davomat koʻrsatkichlari bilan mutlaqo mos kelmagani sabab direktor davomat va sifat oʻrtasida tizimli monitoring yoʻqligini tushunadi. Yuzaki koʻrsatkich maktabning haqiqiy oʻquv sifati haqida notoʻgʻri tasavvur hosil qilgani ayon boʻladi.