12 – AMALIY KEYS: Oʻzgarishlarni boshqarish va samarali muzokara olib borish

Vaziyat

Maktabda yuqori sinflar uchun fanlar ketma-ketligini optimallashtirish maqsadida yangi dars jadvali joriy etiladi. Direktor jadvalni shoshilinch ravishda tasdiqlaydi, lekin pedagoglar bilan oldindan muhokama qilmaydi. Natijada ayrim oʻqituvchilarning darslari 08:00 yoki 17:00 ga koʻchadi, bu esa ularning shaxsiy rejalariga, bolalar bogʻchasi yoki boshqa ish yuklamalariga zid kelib qoladi.

Yigʻilishda bir nechta pedagog oʻz eʼtirozini bildiradi, ammo rahbar “jadval qayta koʻrilmaydi, bu buyruq” deya keskin ohangda javob beradi. Muzokarasiz qabul qilingan qaror jamoada yashirin qarshilikka sabab boʻladi. Baʼzi oʻqituvchilar darslarga kechikishni boshlaydi, ayrimlari esa topshiriqlarni kech bajaradi, norozilik kayfiyati kuchayadi.

Oʻrganilganda maʼlum boʻladiki muammo jadvalning oʻzida emas, balki oʻzgarish jarayonida kommunikatsiya va muzokara bosqichlari oʻtkazilmagani, manfaatlar tahlil qilinmagani va jamoaga fikr bildirish imkoniyati berilmagani sabab kelib chiqqan. Kichik oʻzgarishning oʻzi ham jamoa ishonchini zaiflashtirgan katta boshqaruv muammosiga aylangan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Oʻzgarish joriy etilishidan oldin jamoa bilan maslahatlashmaslik qanday salbiy oqibatlarga olib keldi?
2
Jadvaldagi oʻzgarishlarga qarshilikning asosiy psixologik sabablari nimalar boʻlishi mumkin?
3
Rahbar ushbu vaziyatda qanday muzokara texnikalaridan foydalanishi lozim edi?
4
Oʻzgarishlarni jamoa bilan muhokama qilishning samarali formatlari qaysilar?
5
Kelgusida shunday holat takrorlanmasligi uchun maktabda qanday oʻzgarishlarni boshqarish mexanizmini joriy qilish zarur?