11 – AMALIY KEYS: Taʼlim ishtirokchilari va jamoatchilik bilan samarali kommunikatsiya
Vaziyat
Bir sinfda ikki oʻquvchi oʻrtasida kichik kelishmovchilik sodir boʻladi. Fan oʻqituvchisi bu haqda rahbariyatga ogʻzaki maʼlumot beradi, biroq direktor vaziyatni jiddiy deb hisoblamaydi va individual suhbat, sinf yetakchilari bilan maslahatlashuv yoki psixolog ishtirokida tahlil qilish kabi zarur choralar koʻrilmaydi.
Natijada oʻquvchilardan biri ota-onasiga vaziyatni boʻrttirib aytadi. Ota-ona masalani aniq faktlarsiz ijtimoiy tarmoqqa yozib, “maktab bolalarga befarq” degan daʼvo bilan jamoatchilik eʼtiborini tortadi. Post ostida fikrlar koʻpayib, maktab obroʻsiga putur yetadi.
Vaziyat oʻrganilganda maʼlum boʻladiki, muammo ziddiyatning oʻzida emas, balki maktabda oʻquvchilar bilan ishlash boʻyicha samarali kommunikatsiya tizimi yoʻqligida boʻlgan. Oʻquvchi fikrini tinglash, tezkor axborot almashish, sinf yetakchilari bilan muntazam muloqot va psixologik monitoring kabi mexanizmlar ishlamagani sabab, holat oʻz vaqtida toʻgʻri boshqarilmagan. Natijada kichik kelishmovchilik jamoatchilik ishonchini zaiflashtirgan katta kommunikatsion muammoga aylangan.