Hissiy Intellekt (EQ)

9 – AMALIY KEYS: Rahbarning psixologik barqarorligi va hissiy intellektni boshqarish

Vaziyat

Oʻquv yilining oʻrtalarida maktabda bir nechta murakkab holatlar ketma-ket yuz beradi: ota-onalar shikoyatlari ortadi, ikki pedagog oʻrtasida nizo chiqadi, shu kunlarda tuman boʻlimidan tekshiruv ham boshlanadi. Rahbar bosim ostida kecha-yu kunduz muammolarni hal qiladi, charchoq oshgani sari yigʻilishlarda keskin ohangda gapira boshlaydi, ayrim xodimlarga jamoa oldida tanbeh beradi. Topshiriqlari tartibsiz va tez-tez oʻzgarib turadi. Bir necha hafta ichida jamoada taranglik sezilarli kuchayadi: oʻqituvchilar rahbar bilan muloqotdan choʻchiydi, yigʻilishlarda sukut paydo boʻladi, motivatsiya pasayadi. Ota-onalar bilan muloqotda ham vazminlik yetishmaydi, bu esa shikoyatlarning yana koʻpayishiga olib keladi.
Tahlil natijasi: Oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, rahbar stress bosimi ostida psixologik barqarorlikni yoʻqotgan hamda oʻzini tahlil qilish va hissiy nazoratni saqlay olmagan va emotsional bosimni jamoaga uzatib yuborgan. Hissiy intellekt tamoyillarining qoʻllanilmagani maktabdagi psixologik iqlimning izdan chiqishiga sabab boʻlgan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

Rahbarning keskin ohang, tartibsiz topshiriqlar va jamoa oldida tanbeh berishi pedagoglarning psixologik holati va ish samaradorligiga qanday salbiy taʼsir koʻrsatadi?
Ushbu vaziyatda rahbar qaysi hissiy intellekt komponentlarini qoʻllashi zarur edi?
Tekshiruv, ota-onalar bosimi va ichki nizolar davomida rahbar stressni kamaytirish uchun qanday amaliy stress-boshqaruv usullarini qoʻllashi mumkin?
Jamoada ishonchni tiklash va taranglikni kamaytirish uchun rahbar qanday kommunikatsion qadamlarni amalga oshirishi kerak?
Kelgusida shunday holatlar takrorlanmasligi uchun maktabda rahbar va jamoa uchun qanday psixologik barqarorlik va hissiy intellektni rivojlantirish mexanizmlarini joriy etish zarur?