21 – AMALIY KEYS: Strategik yondashuvlar asosida kiberbullingning oldini olish

Vaziyat: Maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ijtimoiy tarmoqlardan birida sinfdoshlaridan birining suratlariga masxarali izohlar yozib, yopiq guruhda uni kulgi obyektiga (mem) aylantiradi. Ushbu holat haqida sinf rahbari xabardor bo‘lsa-da, vaziyatni “o‘smirlar o‘rtasidagi oddiy hazil” sifatida baholab, unga jiddiy e’tibor qaratmaydi va aniq choralar ko‘rmaydi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, mazkur o‘quvchi darslarda kam gapiradigan, faol qatnashmaydigan bo‘lib qoladi. U maktabga borishni xohlamayotganini ota-onasiga bildiradi. Ota-onalar farzandidagi bu o‘zgarishlarning sababini aniqlash maqsadida ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalar bilan tanishadi va ushbu holatni kiberbulling deb baholab, maktab rahbariyatiga murojaat qiladi.
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida ma’lum bo‘ladiki, maktabda kiberbulling bilan bog‘liq aniq qoidalar mavjud emas, bunday holatlarni qanday aniqlash, baholash va ularga qanday munosabat bildirish kerakligi bo‘yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu sababli muammo o‘z vaqtida to‘xtatilmagan va bu o‘quvchining ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Agar sinf rahbari bu holatga dastlab jiddiy yondashganida, vaziyat qanday bo‘lishi mumkin edi?
2
Bunday holatlarni erta aniqlash uchun maktab rahbariyati va sinf rahbari nimalarga e’tibor berishi kerak?
3
Pedagoglar kiberbullingni “oddiy hazil” sifatida qabul qilib yubormasligi uchun maktabda qanday aniq qoidalar va tartiblar belgilanishi lozim?
4
Ushbu vaziyatda jabrlangan o‘quvchini qo‘llab-quvvatlash va uni maktab muhitiga qayta moslashtirish uchun qanday amaliy yordam ko‘rsatish mumkin?
5
Kelajakda shunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun maktab rahbariyati qanday amaliy choralarni ko‘rishi lozim?