20– AMALIY KEYS: Ta’lim muassasasining xavfsiz va inklyuziv muhitni tashkil etish

Vaziyat: 5-sinfga diqqat yetishmovchiligi va yengil o‘quv qiyinchiligi (SLD) bo‘lgan o‘quvchi qabul qilinadi. Maktab o‘zini “inklyuziv” deb tanitsa-da, real amaliyotda o‘quvchi uchun moslashtirilgan sharoitlar mavjud emas. Dars jarayonida o‘qituvchi umumiy tempda ishlaydi, differensial topshiriqlar berilmaydi, matnlar uzun va murakkab. Guruh ishlari vaqtida tengdoshlari uni “sekin” deb baholab, faoliyatga qo‘shmay qo‘yadi. Jabrlanuvchi o‘quvchi o‘zini yakkalanib qolgan deb his qiladi, darslarda faolligi pasayadi, uy vazifalarini bajarmay qo‘yadi, davomatda uzilishlar kuzatila boshlaydi.
Ota-onalar farzandidagi keskin o‘zgarishlarni sezib, maktab ma’muriyatiga murojaat qiladi. Ularning aytishicha, o‘quvchining maktabga borish istagi pasaygan, o‘zini xavotirli va yopiq tutmoqda. Shikoyat asosida o‘rganilganda alohida ta’lim ehtiyojlari bor o‘quvchilar uchun individual ta’lim rejasi ishlab chiqilmagan,  baholash mezonlari moslashtirilmagan va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘qligi aniqlandi.
Muammo pedagoglar tomonidan “tabiiy sustlik” sifatida noto‘g‘ri talqin qilingani sabab kech aniqlangan. Shundan so‘ng psixologik qo‘llab-quvvatlash va inklyuziv muhitni ta’minlash bo‘yicha kompleks metodik yondashuv ishlab chiqish topshiriladi.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
Jabrlanuvchi o‘quvchi bilan qanday reabilitatsiya va qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish zarur edi?
2
Pedagoglarning o‘quvchining holatini “tabiiy sustlik” deb qabul qilishi qanday xatolik? Bu xatoni qayta takrorlamaslik uchun maktabda qanday tushuntirish va o‘qitish ishlari olib borilishi kerak?
3
Moslashtirilmagan baholash o‘quvchiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatadi?
4
Maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun moslashtirish tizimi umuman mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Rahbar sifatida siz qisqa muddatli va uzoq muddatli qanday institutsional choralarni belgilaysiz?
5
Kelgusida bunday holat takrorlanmasligi uchun maktab darajasida qanday tizimli mexanizmlar ishlab chiqilishi zarur?