12 – AMALIY KEYS: O‘zgarishlarni boshqarish va samarali muzokara olib borish

Vaziyat: Maktabda yuqori sinflar uchun fanlar ketma-ketligini optimallashtirish maqsadida yangi dars jadvali joriy etiladi. Direktor jadvalni shoshilinch ravishda tasdiqlaydi, lekin pedagoglar bilan oldindan muhokama qilmaydi. Natijada ayrim o‘qituvchilarning darslari 08:00 yoki 17:00 ga ko‘chadi, bu esa ularning shaxsiy rejalariga, bolalar bog‘chasi yoki boshqa ish yuklamalariga zid kelib qoladi.
Yig‘ilishda bir nechta pedagog o‘z e’tirozini bildiradi, ammo rahbar “jadval qayta ko‘rilmaydi, bu buyruq” deya keskin ohangda javob beradi. Muzokarasiz qabul qilingan qaror jamoada yashirin qarshilikka sabab bo‘ladi. Ba’zi o‘qituvchilar darslarga kechikishni boshlaydi, ayrimlari esa topshiriqlarni kech bajaradi, norozilik kayfiyati kuchayadi.
O‘rganilganda ma’lum bo‘ladiki muammo jadvalning o‘zida emas, balki o‘zgarish jarayonida kommunikatsiya va muzokara bosqichlari o‘tkazilmagani, manfaatlar tahlil qilinmagani va jamoaga fikr bildirish imkoniyati berilmagani sabab kelib chiqqan. Kichik o‘zgarishning o‘zi ham jamoa ishonchini zaiflashtirgan katta boshqaruv muammosiga aylangan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

1
O‘zgarish joriy etilishidan oldin jamoa bilan maslahatlashmaslik qanday salbiy oqibatlarga olib keldi?
2
Jadvaldagi o‘zgarishlarga qarshilikning asosiy psixologik sabablari nimalar bo‘lishi mumkin?
3
Rahbar ushbu vaziyatda qanday muzokara texnikalaridan foydalanishi lozim edi?
4
O‘zgarishlarni jamoa bilan muhokama qilishning samarali formatlari qaysilar?
5
Kelgusida shunday holat takrorlanmasligi uchun maktabda qanday o‘zgarishlarni boshqarish mexanizmini joriy qilish zarur?