11– AMALIY KEYS: Ta’lim ishtirokchilari va jamoatchilik bilan samarali kommunikatsiya
Vaziyat: Bir sinfda ikki o‘quvchi o‘rtasida kichik kelishmovchilik sodir bo‘ladi. Fan o‘qituvchisi bu haqda rahbariyatga og‘zaki ma’lumot beradi, biroq direktor vaziyatni jiddiy deb hisoblamaydi va individual suhbat, sinf yetakchilari bilan maslahatlashuv yoki psixolog ishtirokida tahlil qilish kabi zarur choralar ko‘rilmaydi.
Natijada o‘quvchilardan biri ota-onasiga vaziyatni bo‘rttirib aytadi. Ota-ona masalani aniq faktlarsiz ijtimoiy tarmoqqa yozib, “maktab bolalarga befarq” degan da’vo bilan jamoatchilik e’tiborini tortadi. Post ostida fikrlar ko‘payib, maktab obro‘siga putur yetadi.
Vaziyat o‘rganilganda ma’lum bo‘ladiki, muammo ziddiyatning o‘zida emas, balki maktabda o‘quvchilar bilan ishlash bo‘yicha samarali kommunikatsiya tizimi yo‘qligida bo‘lgan. O‘quvchi fikrini tinglash, tezkor axborot almashish, sinf yetakchilari bilan muntazam muloqot va psixologik monitoring kabi mexanizmlar ishlamagani sabab, holat o‘z vaqtida to‘g‘ri boshqarilmagan. Natijada kichik kelishmovchilik jamoatchilik ishonchini zaiflashtirgan katta kommunikatsion muammoga aylangan.