10 – AMALIY KEYS: Stressga bardoshlilik va emotsional toliqishni bartaraf etish

Ijtimoiy tarmoq bosimi
Vaziyat: Maktabda sodir bo‘lgan oddiy bir dars jarayoniga oid norozilik ota-ona tomonidan ijtimoiy tarmoqdagi mahalliy guruhga joylanadi. Post qisqa vaqt ichida tarqalib, izohlarda maktab rahbariyati tanqid qilina boshlaydi. Ba’zi izohlar bo‘rttirilgan, ayrimlari esa shaxsiy hujum tusini oladi.
Shaxsiy qabul qilish
Direktor tarmoqdagi yozuvlarni kechasi bilan o‘qib chiqadi, ularni professional tanqid emas, balki shaxsiy baho sifatida qabul qiladi. Ertasi kuni jamoa yig‘ilishlarida keskin ohangda gapiradi, topshiriqlarni ham tarang holatda beradi. Natijada o‘qituvchilar ham o‘zini bosim ostida his qiladi.
Emotsional toliqish
Bir hafta ichida rahbarda hissiy charchoq, xavotir va o‘ziga past baho belgilari kuchayadi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, rahbar ijtimoiy tarmoqdagi tanqidlarni stress filtrisiz qabul qilgan, hissiyotlarini boshqara olmagan va jamoa bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘ymagan. Emotsional pauza qilinmagani va stressni bo‘lishmaslik rahbarning bosimini yanada kuchaytirgan.

Qaror qabul qilishga oid savollar

Rahbar ijtimoiy tarmoqdagi tanqidlarni qanday professional filtr orqali baholashi lozim edi va qaysi fikrlarni “emotsional shovqin” sifatida e’tiborsiz qoldirishi mumkin edi?
Keskin ohangda gapirish o‘rniga, rahbar ertasi kuni jamoa bilan qanday kommunikatsion strategiyani tanlaganda taranglik kamaygan bo‘lardi?
Rahbar stress bosimi ostida hissiy pauza qilish va o‘zini tinchlantirish uchun qanday amaliy usullarni qo‘llashi mumkin edi?
Jamoa ruhiy holatini tiklash va ishonchni qayta shakllantirish uchun rahbar ilk haftada qanday ikki-uchta aniq qadam qo‘yishi kerak?
Kelgusida ijtimoiy tarmoqlardagi shikoyatlar maktab ichki ishlariga zarar bermasligi uchun qanday kommunikatsiya protokoli yoki axborot siyosati joriy etilishi maqsadga muvofiq?