9 – AMALIY KEYS: Rahbarning psixologik barqarorligi va hissiy intellektni boshqarish
Vaziyat
O‘quv yilining o‘rtalarida maktabda bir nechta murakkab holatlar ketma-ket yuz beradi: ota-onalar shikoyatlari ortadi, ikki pedagog o‘rtasida nizo chiqadi, shu kunlarda tuman bo‘limidan tekshiruv ham boshlanadi. Rahbar bosim ostida kechayu-kunduz muammolarni hal qiladi, charchoq oshgani sari yig‘ilishlarda keskin ohangda gapira boshlaydi, ayrim xodimlarga jamoa oldida tanbeh beradi. Topshiriqlari tartibsiz va tez-tez o‘zgarib turadi. Bir necha hafta ichida jamoada taranglik sezilarli kuchayadi: o‘qituvchilar rahbar bilan muloqotdan cho‘chiydi, yig‘ilishlarda sukut paydo bo‘ladi, motivatsiya pasayadi. Ota-onalar bilan muloqotda ham vazminlik yetishmaydi, bu esa shikoyatlarning yana ko‘payishiga olib keladi.
Tahlil natijasi:
O‘rganishlar shuni ko‘rsatadi rahbar stress bosimi ostida psixologik barqarorlikni yo‘qotgan hamda o‘zini tahlil qilish va hissiy nazoratni saqlay olmagan va emotsional bosimni jamoaga uzatib yuborgan. Hissiy intellekt tamoyillarining qo‘llanilmagani maktabdagi psixologik iqlimning izdan chiqishiga sabab bo‘lgan.
Qaror qabul qilishga oid savollar
Rahbarning keskin ohang, tartibsiz topshiriqlar va jamoa oldida tanbeh berishi pedagoglarning psixologik holati va ish samaradorligiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatadi?
Ushbu vaziyatda rahbar qaysi hissiy intellekt komponentlarini qo‘llashi zarur edi?
Tekshiruv, ota-onalar bosimi va ichki nizolar davomida rahbar stressni kamaytirish uchun qanday amaliy stress-boshqaruv usullarini qo‘llashi mumkin?
Jamoada ishonchni tiklash va taranglikni kamaytirish uchun rahbar qanday kommunikatsion qadamlarni amalga oshirishi kerak?
Kelgusida shunday holatlar takrorlanmasligi uchun maktabda rahbar va jamoa uchun qanday psixologik barqarorlik va hissiy intellektni rivojlantirish mexanizmlarini joriy etish zarur?